Toshkentda "Asal bayrami" bo‘lib o‘tmoqda

"Asal bayrami"da respublikaning barcha hududlaridan 400 dan ortiq asalarichilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar hamda qo‘shni davlatlardan kelgan asal yetishtiruvchilar ishtirok etishmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 3 dek — Sputnik. Toshkentdagi “Anhor-Lokomotiv” parkining markaziy hududida “Asal bayrami" bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqida Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
"Asal bayrami"da respublikaning barcha hududlaridan 400 dan ortiq asalarichilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi subyektlar hamda qo‘shni davlatlardan kelgan asal yetishtiruvchilar ishtirok etishmoqda.
"Ular orasida Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistondan kelgan vakillar bor. Ular asalning 10 dan ortiq turi va asalarichilik mahsulotlarini namoyish etishmoqda", — deyiladi xabarda.
Aytilishicha, so‘nggi 5-yil ichida asal ishlab chiqarish 17 ming tonnadan 35 ming tonnaga yetkazildi. Asalarichilik bilan shug‘ullanadigan subyektlar soni ham bugungi kunga kelib 40 mingdan ziyodni tashkil etadi.
"Haqiqiy asaldan tatib ko‘rish va tog‘ asali hamda boshqa o‘simliklar gullaridan olingan asallarning bir-biridan o‘zgacha ta’mini his qilmoqchi bo‘lsangiz "Asal bayrami"ga tashrif buyuring", — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
Asal bayrami 10-dekabrga qadar davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, oktabr oyida Namanganda “Xalqaro Asal festivali” o‘tkazilgan edi. Unda Qirg‘iziston, Qozog‘iston respublikalari, Rossiya Federatsiyasidan jami 100 dan ortiq asalarichilik bilan shug‘ullanib kelayotgan tadbirkorlar va ekspertlar ishtirok etgan.