TOShKENT, 29 noya — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi dolzarb masalalar, shu jumladan joriy yil 5-7 oktabr kunlaridagi Rossiyaga oliy darajali tashrif chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi ko‘rib chiqildi.
"Yetakchilar O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil rivojlanib, ko‘p qirrali hamkorlik kengayib borayotganini qayd etdilar", — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, o‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlarining o‘sish sur’ati saqlanmoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, hududlararo aloqalar rivojlanmoqda. Kuni kecha Jizzax viloyatida birgalikda tashkil etilgan yirik agrologistika majmuasi ishga tushirildi.
O‘zbekiston va Rossiya rahbarlari madaniy-gumanitar almashinuv faol kechayotgani hamda sog‘liqni saqlash sohasida dasturlar amalga oshirilayotganini ham olqishlashdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-7 oktabr kunlari Rossiyaga rasmiy tashrifi amalga oshirilgandi. Unda Mirziyoyev yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston va Rossiya savdo-sotig‘i jajmi 12 milliard dollarga yetishi, munosabatlar hajmida yiliga o‘rtacha 20% o‘sishi kuzatilayotganini ma’lum qilgan.