TOShKENT, 28 noya — Sputnik. O‘zbekistondagi eng yirik va yagona agrologistika kompleksi ishga tushiriladi. Bu haqida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.
Bugun Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida O‘zbekiston-Rossiya “BMB-NRC Agrologistics” qo‘shma korxonasining birinchi bosqichi tantanali ravishda ishga tushirildi.
Tadbirda O‘zbekiston va Rossiyaning hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar, tashkilot va muassasalar mutasaddilari hamda yirik xorijiy importorlar bilan mahalliy eksportorlar ishtirok etdi.
Jizzaxda “BMB-NRC Agrologistics” qo‘shma korxonasining birinchi bosqichi ishga tushirildi.
© Torgpredstvo Rossii v Uzbekistane
"40 gektar hududni o‘z ichiga olgan markaz qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saralash, kalibrlash, qayta ishlash, qadoqlash va saqlash kabi xizmatlarni o‘z ichiga oladi", — deyiladi xabarda.
“BMB-NRC Agrologistics” qo‘shma korxonasi
© Torgovo-promishlennaya palata respubliki
Umumiy loyiha qiymati 709,71 mlrd so‘mni tashkil etgan kompleks qurilishi uch bosqichli modul ko‘rinishida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Loyiha to‘liq ishga tushirilgach 810,0 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish imkonini beradi.
"Eng muhimi, hozirning o‘zidayoq 180 nafar doimiy, 400 nafardan ziyod mavsumiy ish o‘rinlari yaratilmoqda. Majmua to‘liq quvvatda ishga tushirilgach, 1 410 nafar doimiy, 1500 ga yaqin mavsumiy ish o‘rinlari yaratiladi", — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
Tadbir davomida, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi 150 dan ortiq yirik korxona vakillari tomonidan hududlarning eksport salohiyatini namoyish etuvchi ko‘rgazma tashkil etildi. Ekspozitsiyalarni ko‘zdan kechirish chog‘ida eksportorlar va importorlar o‘rtasida amaliy muloqotlar bo‘lib o‘tdi.
Jizzaxda “BMB-NRC Agrologistics” qo‘shma korxonasining birinchi bosqichi ishga tushirildi.
© Torgpredstvo Rossii v Uzbekistane
Eslatib o‘tamiz, 2019-yil dekabr oyida NRK Jizzax viloyatida agrologistika majmuasini yaratish bo‘yicha “BMB-NRC Agrologistics” MChJ shaklida O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma korxonasini tashkil qildi. O‘zbekiston tomonidan ta’sischi VMV Holding kompaniyasi hisoblanadi.