Umra ziyoratini tashkil qiluvchi turfirmalar qanday tanlab olinadi, ular nega garov puli to‘laydi? Ushbu va boshqa savollarga Turizm qo‘mitasi bo‘lim bosh mutaxassisi Akbar Ikramov Sputnik muxbiri bilan suhbatda javob berdi.
— Turfirmalar nega 100 ming dollar garov puli to‘laydi? Bu mablag‘ nimaga sarflanadi?
- 100 ming dollar miqdordagi mablag‘ Turizm qo‘mitasining Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilinadi. Bu mablag‘lardan, kerak bo‘lganda, Umra xizmatlarini sifatsiz ko‘rsatilishidan jabr ko‘rgan ziyoratchilarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplash uchun foydalaniladi.
Mazkur talab ziyoratchilarning huquqlari himoya qilinishi uchun tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan va litsenziya talablariga kiritilgan. Zahira mablag‘lar, turfirmalar ishdan voz kechsa, yoki firma yopilgan taqdirda qaytariladi.
— Umra turfirmalari reytingi qanday tuzilgan?
- Turizm qo‘mitasi rasmiy veb-saytida turoperatorlar reytingini shakllantirish 1-oktabrdan boshlandi. Maqsad — turoperatorlar faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish. Reytingdagi o‘rinlar jamoatchilik tomonidan ochiq ovoz berish, tashkilotlar xizmatlaridan avval foydalangan fuqarolar (sayyohlar) bilan o‘rnatilgan qayta aloqa natijalariga ko‘ra aniqlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Umra tadbirini amalga oshirish uchun ruxsat berilgan tashkilotlarning dastlabki ro‘yxati e’lon qilingan edi. Ro‘yxatga jami 34 ta kompaniya kiritilgan. Umra ziyoratini tashkil qilish va amalga oshirish bo‘yicha turfirmalar reytingida 10 ta tashkilot yuqori o‘rinni egallagan. Ular Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida joylashgan.