TOShKENT, 17 noya — Sputnik. Aholini suv tejashga o‘rgatish, kanallarda suvning behuda sarf bo‘lishini oldini olishga etibor qaratish kerak dedi Shavkat Mirziyoyev Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda.
“Suv tekin emas”, degan g‘oyani aholiga chuqur singdirish, uni mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar va keng jamoatchilik bilan birga kundalik turmush qoidasiga aylantirish lozim, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda suv tanqisligi muammosiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Majlisda aytilishiga ko‘ra, yaqin yigirma yilda Amudaryo va Sirdaryo oqimi 15 foiz kamayishi kutilmoqda.
Bu suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llashni kengaytirishni talab qiladi. Bugungi kunda bu borada bajarilayotgan ishlar yetarli emas, dedi prezident. Xususan, 1 ming 700 kilometr sug‘orish tarmog‘ining yarmi tuproq o‘zanli bo‘lgani uchun 35% behuda yo‘qolib borayotgani aytib o‘tildi.
Ushbu munosabat bilan mutasaddilarga 47 ta kanalni betonlash bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqish, suv yo‘qotilishi ko‘p bo‘lgan 6 ta kanalni ta’mirlash, kelgusi yilda “Sherobod magistral” kanalini ta’mirlashga 60 million dollar jalb etib, 90 ming gektar yerlarni tiklash bo‘yicha topshiriq berildi.
Undan tashqari, eskirgan nasos stansiyalari ham ortiqcha energiya sarflayotgani aytib o‘tildi. Surxondaryoda 80 foiz yerlar nasos orqali sug‘oriladi. Biroq 52 ta nasosning xizmat muddati 40-yildan oshgan. Oqibatda, suv tannarxi 2 barobar qimmatga tushayapti, yiliga 20 million kilovatt soat elektr behuda sarflanayapti, deyiladi xabarda.