TOShKENT, 17 noya – Sputnik. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining birinchi o‘rinbosari Obidjon Qudratov Tojikiston hukumati huzuridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Abduqodir Mavlodod bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv BMT Konvensiyasi (CRIC-21) ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi doirasida o‘tkazildi.
Uchrashuvda tomonlar vazirlik va qo‘mita mutaxassislari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan bir qator muvaffaqiyatli loyihalar, xususan, transchegaraviy hamkorlik, jumladan, O‘zbekiston-Tojikiston chegarasida transchegaraviy zona yaratish, migratsiya turlarini birgalikda monitoring qilish bo‘yicha qo‘shma trening va seminarlar o‘tkazilayotganini qayd etdilar.
Shuningdek, tabiat chegara bilmasligini hisobga olgan holda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishining barcha sohalarida mintaqaviy va transchegaraviy rivojlanish muhim ekanligini ta’kidladilar.
Tomonlar 30-noyabr-12 dekabrda Dubayda bo‘ladigan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi ishtirokchilarining bo‘lajak 28-konferensiyasi doirasidagi qo‘shma reja va harakatlarni muhokama qildilar.
Bundan tashqari, Tojikiston tomoniga 2024-yilning 12–17 fevral kunlari Samarqandda o‘tkaziladigan Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiya ishtirokchilari konferensiyasining o‘n to‘rtinchi yig‘ilishida ishtirok etish va ushbu konferensiyada Markaziy Osiyo mintaqasi nomidan vakillik qilish taklif etildi.
Uchrashuv yakunida boshqarmalar o‘rtasida imzolangan memorandum doirasida va mintaqaviy platformalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida kelishuvga erishildi.