TOShKENT, 14 noya — Sputnik. Yaponiya kompaniyalari O‘zbekistonga chiqindilarni qayta ishlash sohasida hamkorlik uchun jalb qilinishi mumkin.
Bu haqida bugun ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va Osiyo taraqqiyot banki Suv va shaharsozlikni rivojlantirish sektori katta direktori Norio Saito bilan uchrashuvda ma’lum bo‘ldi.
"Uchrashuv davomida shaharlarni kompleks rivojlantirish, ekologiya sohasidagi xodimlar malakasini oshirish, Yaponiyadagi chiqindini qayta ishlash sohasidagi kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb qilish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi", - deyiladi xabarda.
Shuningdek, Yaponiyadagi chiqindi sohasida yetakchi kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb qilish, sohada Osiyo taraqqiyot banki tomonidan investitsiyalarni olib kirish, grantlar ajratilishi hamda vazirlik va quyi tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish borasida o‘zaro hamkorlik qo‘llab-quvvatlanadigan bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yil 23-dekabrda Yaponiya Ekologiya vazirligi bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan. Memorandumga ko‘ra, tomonlar iqlim o‘zgarishi, suv va havoning ifloslanishi, chiqindilarni boshqarish sohalarida doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi belgilangan edi.
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) tomonidan Markaziy hamda G‘arbiy Osiyo hududlarida amalga oshirilayotgan loyihalarning 17 foizi O‘zbekistonga to‘g‘ri kelmoqda. 2023-yilda O‘zbekistonga jami 3,5 milliard dollarga yaqin miqdorda 25 ta loyiha imzolangan.