Toshkentda o‘z uyiga mayning kripto-aktivlari qurilmalarini o‘rnatgan shaxs aniqlandi

Olmazor tumanida yashovchi fuqaro o‘z uyida 94 ta to‘plamdagi mayning kripto-aktivlari qurilmasini elektr tarmog‘iga ulab olgani aniqlandi.
Sputnik
TOShKENT, 14 noya — Sputnik. Toshkent shahrida mayning kripto-aktivlari qurilmalarini o‘rnatgan shaxs aniqlandi. Bu haqida Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, Olmazor tumanida yashovchi fuqaro Sh.P. o‘z uyida 94 ta to‘plamdagi qo‘lbola usulda yasalgan mayning kripto-aktivlari qurilmasini elektr tarmog‘iga o‘g‘rilik yo‘li bilan ulab olgan.

“Jami 540 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan”, — deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning oktabr oyida O‘zbekiston hududida mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish hamda faoliyatni tashkil etish tartibi belgilangan edi. Unga ko‘ra, mayning faqat yuridik shaxs tomonidan quyosh fotoelektr stansiyalari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalangan holda amalga oshiriladi, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.