Ko‘z o‘ngimizda dunyo siyosiy arxitekturasi tom ma’noda o‘zgarmoqda — Mirziyoyev

Yarim milliard aholi yashaydigan keng mintaqamiz savdo-iqtisodiy, sanoat, investitsiya va innovatsiyalar, transport sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishda katta salohiyatga ega, dedi prezident.
Sputnik
TOShKENT, 9 noya — Sputnik. Sammit umumiy taraqqiyot yo‘lida ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirishga bo‘lgan qat’iy intilishning yaqqol dalili, dedi prezident Shavkat Mirziyoyev Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) 16-sammitida so‘zlayotgan nutqida.
“Bugun ko‘z o‘ngimizda dunyo siyosiy arxitekturasi tom ma’noda o‘zgarmoqda va global qayta qurilishi sodir bo‘lmoqda. Bu murakkab jarayonlarda o‘zining katta o‘rniga ega bo‘lgan Tashkilotimiz davlatlari birgalikda hamjihat bo‘lib harakat qilishi, vujudga kelayotgan xavf-xatarlarga qarshi samarali yechimlar topishi muhimdir. “Hamkorlikda iqtisodiy barqarorlik va taraqqiyot sari” shiori ostida o‘tayotgan sammitimizda siz, aziz hamkasblarim bilan ko‘p tomonlama aloqalarimizni yangi bosqichga olib chiqish va eng dolzarb masalalar bo‘yicha batafsil fikr almashamiz”, - dedi prezident.
Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, tashkilot a’zolarini mushtarak tarix va muqaddas islom dini, boy madaniyat va o‘xshash qadriyatlar chambarchas bog‘lab turadi.
“Yarim milliard aholi yashaydigan keng mintaqamiz savdo-iqtisodiy, sanoat, investitsiya va innovatsiyalar, transport sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishda katta salohiyatga ega”, - dedi prezident.
Mirziyoyev IHT doirasida savdoni soddalashtirish to‘g‘risida bitim qabul qilishga chaqirdi