TOShKENT, 3 noya — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) yuksak mukofoti – “Turkiy dunyoning oliy ordeni” bilan taqdirlandi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston yetakchisi turkiy xalqlar oilasining birligini mustahkamlashga, turkiy mamlakatlarning manfaatlari va qarashlarini xalqaro maydonda faol ilgari surishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun bu mukofotga sazovor ko‘rilgan.
Ordenni tantanali topshirish marosimi Ostonada tashkilot davlatlar rahbarlari kengashi yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tdi. Mukofotni Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev topshirdi.
O‘zbekiston prezidenti “Turk dunyosining oliy ordeni” bilan taqdirlandi
“Bu mukofotni men birinchi navbatda chinakam birodarlik rishtalari asosida yangidan yuksalayotgan yaqin do‘stligimiz va hamkorligimiz ramzi, deb bilaman, - dedi marosimda Mirziyoyev hamkasblarga minnatdorlik bildirib.
O‘zbekiston prezidenti “Turk dunyosining oliy ordeni” bilan taqdirlandi
Eslatib o‘tamiz, Ostonada TDTning o‘ninchi sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirok etdi.