TOShKENT, 1 noya — Sputnik. Ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi. Bu haqda prezident imzolagan O‘RQ–874-sonli qonunda nazarda tutilgan.
Qonun bilan Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilish, ushbu mazmundagi qarashlarni, g‘oyalarni yoki chaqiriqlarni tarqatish, shuningdek bunday xatti-harakatlarni rag‘batlantirish:
BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha (4 mln 950 ming so‘mdan 9 mln 900 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq deputatlar O‘zbekistonda qo‘shxotinlikni targ‘ib qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilishi bo‘yicha tegishli qonun loyihasini qabul qilishgan edi. Ma’lum qilinishicha, so‘nggi paytlarda reklama, ko‘ngilochar va tahliliy materiallar orqali ko‘pxotinlik va uning "afzalliklari"ni targ‘ib qilish avj olmoqda. Buning oqibatida qonuniy nikohsiz tug‘ilgan bolalar soni ham oshgan.
Xususan, 2022-yilda respublika bo‘yicha 18 955 ta holatda tug‘ilgan chaqaloqlar yolg‘iz ona arizasi asosida qayd etilgan. 2021-yilda ushbu ko‘rsatkich 19 037 tani, 2020-yilda 16 564 tani tashkil qilgan. Oliy sud ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2018−2022 yillarda ko‘pxotinlik uchun 34 nafar erkak sudlangan.