O‘zbekiston gidroenergetika salohiyatining barcha imkoniyatlaridan foydalanadi

Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekiston gidroenergetika salohiyati 8 ming megavattni tashkil qiladi.
Sputnik
TOShKENT, 31 okt — Sputnik. O‘zbekiston o‘z hududida mavjud bo‘lgan gidroeneregtika salohiyatining barcha imkoniyatlarini ishga soladi. Bu haqida Shavkat Mirziyoyev huzurida bo‘lib o‘tgan majlisda qayd etildi.
Xususan, 2023 va 2024-yillarda Respublikada 58ta kichik va mikro GESlar qurish rejalashtirilgan. Ular Andijon, Farg‘ona, Surxondaryo, Namangan, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida paydo bo‘ladi.
Shuningdek, Toldiqsoy, Mullalak, Qorong‘i-to‘g‘ay, Yuqori Pskom va Norin yirik GESlarini qurish loyihalari bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslar ishlab chiqiladi va xorijiy investorlar jalb qilinadi.
Undan tashqari, majlisda respublikada mavjud GESlar quvvatini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilayotgani alohida ta’kidlab o‘tildi. Masalan, 2023-yilda “To‘palang” GESi modernizatsiya qilib, quvvati 30 megavattdan 175 megavattga oshdi, “Darg‘om” kanalida 7,2 megavattli “Shaudar” GESi foydalanishga topshirildi.
“Lekin shunga qaramasdan bugungi kunda O‘zbekiston gidroenergetika quvvatlari mavjud salohiyatga nisbatan 2-3 barobar kam. Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda gidroenergetika salohiyati 8 ming megavattni tashkil qiladi. Toshkent, Surxondaryo va vodiy viloyatlarida bu borada katta salohiyat bor”, - deb qayd etildi majlisda.
Ushbu munosabat bilan, "O‘zbekgidroenergo"ga 6 ming megavatt quvvatlarni ishga tushirish bo‘yicha besh yillik dastur ishlab chiqish va xususiy sheriklik asosida yirik xorijiy energetika kompaniyalarini jalb qilish topshirildi.