TOShKENT, 31 okt — Sputnik. O‘zbekiston Falastinning mustaqil davlat barpo etishga bo‘lgan huquqini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Isroil armiyasi va HAMAS harakati o‘rtasida davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlar gumanitar inqirozni chuqurlashtirmoqda, tinch, begunoh aholi orasida ko‘p sonli qurbonlarga olib kelmoqda. Bolalar va ayollar halok bo‘lmoqda, odamlar boshpanasidan ayrilmoqda, o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lmoqda.
O‘zbekiston rahbari Falastin va Isroil tomonidan qurbon bo‘lgan barcha insonlarning oilalariga chin dildan ta’ziya va hamdardlik izhor etdi.
“Men G‘azo sektori aholisiga baholi qudrat yordam ko‘rsatish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharq agentligiga 1 million 500 ming dollar ajratish haqida qaror qabul qildim. Biz Falastin xalqi bilan birdam ekanimizni qat’iy bildiramiz va uning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashining ilgari qabul qilingan rezolyutsiyalariga muvofiq o‘z mustaqil davlatini barpo etishga bo‘lgan huquqini qo‘llab-quvvatlaymiz", - dedi Mirziyoyev.
Davlat rahbari zo‘ravonlik yanada avj olaversa, bu xalqaro vaziyatning keng miqyosda izdan chiqishiga, qurolli to‘qnashuvlarga yangi kuchlar tortilishiga olib kelishini ta’kidladi.Bularning barchasi Yaqin Sharq mintaqasi bilan cheklanmay, uzoq o‘lkalarga ham tarqalib ketadigan, oqibatini bashorat qilib bo‘lmaydigan fojialarga olib kelishi mumkin.
"Aynan shuning uchun ham biz har ikki tomonni zudlik bilan gumanitar maqsadlarda murosaga kelishga, jangovar harakatlarni to‘xtatib, nizoni tinchlik yo‘li bilan hal etishga chaqiramiz", - dedi O‘zbekiston rahbari.