Mirziyoyev yoshlarni turli yolg‘on tashviqotlarga berilmaslikka chaqirdi

Prezident tinch va osoyishta hayot, o‘zaro birlik va hamjihatlikni barcha birgalikda asrashi zarurligini ta’kidladi.
Sputnik
TOShKENT, 31 okt — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaqin Sharqdagi vaziyat sabab mamlakat aholisini turli yolg‘on tashviqotlarga berilmaslikka, qonunga zid xatti-harakatlar sodir etmaslikka chaqirdi.
Prezident Yaqin Sharqdagi zo‘ravonlik yanada avj olaversa, bu xalqaro vaziyatning keng miqyosda izdan chiqishiga, qurolli to‘qnashuvlarga yangi kuchlar tortilishiga olib kelishi mumkinligini qayd etdi.
“Bularning barchasi Yaqin Sharq mintaqasi bilan cheklanmay, uzoq o‘lkalarga ham tarqalib ketadigan, oqibatini bashorat qilib bo‘lmaydigan fojialarga olib kelishi mumkin. Aynan shuning uchun ham biz har ikki tomonni zudlik bilan gumanitar maqsadlarda murosaga kelishga, jangovar harakatlarni to‘xtatib, nizoni tinchlik yo‘li bilan hal etishga chaqiramiz”, - dedi Mirziyoyev.
Davlat rahbari Markaziy Osiyo mintaqasi turli millat va konfessiyalar vakillarining o‘zaro tinch-totuv hayot kechirishi bo‘yicha noyob tajribaga ega ekanini ta’kidladi. Bu zaminda asrlar davomida musulmon, xristian va yahudiylar do‘stlik va hamjihatlikda yonma-yon yashab kelyapti.
“Men bugungi fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizga, avvalo, yoshlarimizga murojaat qilib, ularni turli yolg‘on tashviqotlarga berilmaslikka, qonunga zid xatti-harakatlar sodir etmaslikka chaqiraman. Bizning eng katta kuchimiz, bebaho boyligimiz bo‘lgan tinch va osoyishta hayotimizni, o‘zaro birlik va hamjihatligimizni barchamiz birgalikda asrashimiz zarur", - dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Isroil-Falastin mojarosi
O‘zbekiston Falastinning mustaqil davlat barpo etish huquqini qo‘llab-quvvatlaydi – Mirziyoyev