Prezident transport infratuzilmasini yaxshilash ishlari bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev 30-oktabr kuni Toshkentda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik va transport infratuzilmasini rivojlantirish ishlari bilan tanishildi.
Sputnik
TOShKENT, 30 okt — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentda transport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan ishlari bilan tanishdi.
Shavkat Mirziyoyev tanishuvni Toshkent xalqaro aeroportiga olib boruvchi yo‘l o‘tkazgichdan boshladi. Prezident bu yerdagi qurilish jarayoni bilan tanishdi. Tutash yo‘llarda ham piyodalar va avtomobillar harakatiga qulayliklarni oshirish, atrofni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Prezident transport infratuzilmasini yaxshilash ishlari bilan tanishdi
Bobur ko‘chasi bo‘ylab qurilayotgan ko‘prik Kichik halqa yo‘li va temir yo‘l ustidan o‘tadi. Avtomobillar qatnoviga qulaylikni oshirish maqsadida bu yerda avvalgi ko‘prikka yondosh yana bir estakada qurilmoqda. Qurilish bitgach, ko‘prikning eni 46 metrga yetadi. Bir kecha-kunduzda 20 ming transportni o‘tkazish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Ilgari bu ko‘rsatkich 9-10 ming atrofida edi.
Ko‘prik yonida 2 ta aylana, 4 ta yoysimon shakldagi chiqish-tushish yo‘li barpo etilmoqda. Bu qayrilib olish xavfini yo‘qotib, boshqa yo‘llardagi harakatga qo‘shilishni osonlashtiradi. Shuningdek, ko‘prik ustida piyodalar va velosipedlar yo‘laklari ham kengaytirildi.
Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev Toshkent Xalqaro aeroportida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi. Ayni damda bu yerda yana bir xalqaro terminal rekonstruksiya qilinmoqda.
Prezident transport infratuzilmasini yaxshilash ishlari bilan tanishdi
Loyihaga ko‘ra, binoning tashqi va ichki ko‘rinishi milliy tusda pardozlanadi, kirish-chiqish yo‘laklari kengaytiriladi. Mehmonlarni kutib olish va ularga xizmat ko‘rsatish uchun qulayliklar oshiriladi. Shuningdek, terminalga yondosh hududlar obodonlashtiriladi.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, So‘nggi yillarda Toshkent xalqaro aeroportining 2-terminali yangilanib, o‘tkazish quvvati 2 barobar oshirildi. U yerda Duty Free do‘konlari, “Art-bazar” savdo majmuasi, milliy zargarlik va gastronomiya do‘konlari, dorixona, ona-bola xonasi, namozxona tashkil etilgan.
Prezident transport infratuzilmasini yaxshilash ishlari bilan tanishdi