Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi fuqarolikni rasmiylashtirishni vaqtinchalik to‘xtatdi

Fuqarolik masalalari bo‘yicha arizalarni qabul qilish Fuqarolik masalalarini ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizom qabul qilingunga qadar to‘xtatiladi.
Sputnik
TOShKENT, 27 okt — Sputnik. Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi fuqarolik olish uchun arizalarni qabul qilishni vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda diplomatik vakolatxona xabar berdi.
Qayd etilishicha, 26-oktabrdan boshlab “Rossiya Federatsiyasi fuqaroligi to‘g‘risida”gi yangi qonun kuchga kirgan.
“Fuqarolik masalalari bo‘yicha arizalarni qabul qilish (fuqarolikning mavjudligi/yo‘qligi to‘g‘risida so‘rovlar bundan mustasno) Fuqarolik masalalarini ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizom qabul qilingunga qadar to‘xtatiladi”, — deyiladi xabarda.
Qabulning qayta tiklanishi xaqida elchixona keyinroq xabar berishini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, “Rossiya Federatsiyasi fuqaroligi to‘g‘risida”gi yangi qonun 20-yildan ortiq vaqt mobaynida amalda bo‘lgan xuddi shu nomdagi qonun o‘rnini bosdi. 2002-yil 31-mayda tasdiqlangan “Rossiya Federatsiyasi fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonun ijrosi davomida 6,5 milliondan ortiq kishi Rossiya fuqarosiga aylangan.