TOShKENT, 26 okt — Sputnik. Falastin yetakchisi Mahmud Abbos tez orada Moskvaga tashrif buyuradi va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazadi. Bu haqda Rossiya prezidentining Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili, Rossiya TIV rahbari o‘rinbosari Mixail Bogdanov ma’lum qildi.
“Aytishim mumkinki, u (Abbos Mahmud – tahr.) tez orada rasmiy tashrif bilan Moskvaga keladi. Bu yerda Vladimir Vladimirovich (Putin) bilan muzokaralar bo‘ladi”, - dedi Bogdanov. Uning so‘zlaridan RIA Novosti iqtibos keltirgan.
Eslatib o‘tamiz, 7-oktabr kuni Falastinning HAMAS harakati Isroilga ommaviy raketa hujumi uyushtirdi va chegaraoldi hududlarga bostirib kirdi. Bunga javoban Isroil mudofaa kuchlari G‘azo sektorini raketa va samolyotlar yordamida bombardimon qildi. Shuningdek, Isroil G‘azo sektori to‘liq qamal qilinganini e’lon qildi: suv, oziq-ovqat, elektr energiyasi, dori-darmon va yoqilg‘i yetkazib berish to‘xtatildi.
Bo‘lib o‘tgan voqealar oqibatida G‘azo sektorida qurbonlar soni 5 mingdan oshdi, 15 mingdan ortiq kishi jarohat oldi. Shundan 1,3 mingdan ortiq odam Isroildan, qolganlar Falastin tomonida. Qurbonlar orasida yuzlab bolalar bor. Bundan tashqari, 200 nafarga yaqin kishi HAMAS qo‘lida asirda bo‘lishi mumkin.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Isroil-Falastin muammosini faqat bir yo‘l bilan — BMT Xavfsizlik Kengashining 1947-yildagi qaroriga asosan mustaqil Falastin davlatini yaratish orqali hal etilishi mumkinligini aytgan. Bugungi kunda faqat Isroil davlati yaratilgan, Falastin hududlari esa to‘liq ozod qilinmagan.