Xanchjou-2022: para-yengil atletikachilar yana beshta medal qo‘lga kiritdi

Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi yana bir qator medallar qo‘lga kiritdi.
Sputnik
TOShKENT, 25 okt — Sputnik. Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tayotgan IV Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi yana bir qator medallar qo‘lga kiritdi.
Para-yengil atletika
Tajribali para-yengil atletikachi Husniddin Norbekov Paraosiyo o‘yinlarida o‘zining beshinchi medaliga sazovor bo‘ldi. Erkaklar o‘rtasida F35 klassida yadro uloqtirish bahslarida ishtirok etgan sportchi 15.90 metr natija bilan bronza medali sohibiga aylandi.
Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlari chempioni Mohigul Hamdamova O‘zbekiston delegatsiyasi g‘aznasiga galdagi oltin medalni taqdim qildi. Para-yengil atletika bo‘yicha ayollar o‘rtasida F57 klassida disk uloqtirish bahslarida ishtirok etgan sportchi eng yuqori natija bilan chempionlikka erishdi.
Para-yengil atletika bahslarining ayollar o‘rtasida T11 klassida kechgan uzunlikka sakrash bahslarida Asila Mirzayorova Paraosiyo o‘yinlari chempioniga aylandi. Sportchi musobaqada 5.24 metr natija qayd etdi.
Para-yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Yoqutxon Xolbekova ham delegatsiyaga yana bir bronza medalini keltirdi. Sportchi ayollar o‘rtasida T12 klassida kechgan uzunlikka sakrash bahslarida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Erkaklar o‘rtasida yadro uloqtirish bo‘yicha F63 klassida qatnashgan Muhammad Rixsimov 14.52 metr natija bilan oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Para-taekvondo
Para-taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Guljanoy Naimova o‘z sovrinlari qatoriga Paraosiyo o‘yinlarining oltin medalini ham qo‘shib qo‘ydi. Ayollar o‘rtasida +65 kg vazn toifasida ishtirok etgan sportchi barcha raqiblarini mag‘lub etgan holda musobaqa chempioniga aylandi.
Erkaklar o‘rtasida -80 kg vazn toifasidagi bellashuvlarda qatnashgan Asad Toshtemirov esa bronza medali sohibiga aylandi.
Para-suzish
Para-suzish bo‘yicha erkaklar o‘rtasida S8 klassida 100 metrga batterflyay usulida suzish bo‘yicha bellashuv yakuniga yetdi. Unda qatnashgan Azizbek Boynazarov 1:09:03 daqiqa natija bilan marraga uchinchi bo‘lib yetib keldi va bronza medaliga sazovor bo‘ldi.