TOShKENT, 24 okt — Sputnik. O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Qonun loyihasi bilan bola huquqlari bo‘yicha vakilning asosiy vazifalari, huquqlari va majburiyatlari hamda bola huquqini himoya qilish borasida boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlari ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, bolalar ombudsmanini saylash tartibi joriy etilyapti. Ya’ni Qonunchilik palatasi va Senat tomonidan deputat va senatorlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan 5-yil muddatga saylanadi. Bu lavozimga nomzod Oliy Majlis palatalariga prezident tomonidan kiritiladi.
Bundan tashqari, bolalar ombudsmani ma’ruzasi Oliy Majlis palatalarining majlislarida har yili eshitilishi, bolaning buzilgan huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilish hamda tiklash maqsadida sud jarayonlarida ishtirok etishi, voyaga yetmagan shaxs ishtirok etgan jinoyat ishi hujjatlari bilan tanishish va ulardan ko‘chirma nusxalar olishi, hukm bilan tanishib, voyaga yetmagan shaxs manfaatlarini ko‘zlab, prokuraturaga hukm ustidan protest bildirish haqida murojaat qilishi nazarda tutilmoqda.
Deputatlarning qayd etishicha, qonun loyihasi qilinishi bilan bolaning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida bolalar ombudsmanining davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligi kuchayadi. Bolaning shaxsiy, ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy huquqlarini ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surayyo Rahmonova bolalar ombudsmani bo‘lgani xabar qilingan edi.