TOShKENT, 22 okt — Sputnik. Isroil G‘azo sektoridagi Nusayrat bozorini o‘qqa tutdi, qurbonlar bor. Bu haqda Falastin Ichki ishlar vazirligi xabar berdi, deb yozmoqda RIA Novosti.
“Isroilning G‘azo sektoridagi Nusayrat bozorini o‘qqa tutishi natijasida halok bo‘lganlar va ko‘p sonli jarohatlanganlar bor”, — deyiladi xabarda.
Vazirlik qurbonlar va yaradorlar soniga aniqlik kiritmadi. Falastinning “Quds” portali hujum joyida yong‘in chiqqani haqida xabar berdi.
Falastin WAFA agentligiga ko‘ra, harbiy samolyotlarning G‘azo sektorining turli qismlariga uyushtirgan bir qator reydlari natijasida 29 tinch aholi halok bo‘ldi, o‘nlab kishilar yaralandi.
"Turar-joy binolarini portlatish chog‘ida, shuningdek, G‘azo sektori markazidagi Nuseyrat qochqinlar lageri bozoridagi restoranga qilingan zarbadan butun oilalar halok bo‘lgan. Xon-Yunis markazidagi Rio kafesini ishg‘olchi samolyotlarning bombalashi oqibatida o‘n nafar tinch aholi halok bo‘ldi, o‘nlab odamlar yaralandi", — deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroilning “Al-Ahli” shifoxonasiga zarbasi oqibatida 500 dan ortiq odam halok bo‘ldi. O‘z navbatida, Isroil mudofaa kuchlari tergov olib borayotganini ma’lum qildi va hodisani “HAMAS raketasining muvaffaqiyatsiz uchirilishi” bilan bog‘ladi.
O‘zbekiston TIV Falastindagi shifoxonaga hujum uyushtirilganini qoraladi. Bayonotda dahshatli zo‘ravonlik harakati keskin qoralanib, bu xalqaro gumanitar huquqning qo‘pol buzilishi deb qayd etildi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin G‘azodagi shifoxonaga uyushtirilgan hujumni fojia va gumanitar falokat deb atadi va bu mojaroga barham berish zarurligidan dalolat bo‘lishini kutganini aytdi. Rossiya BMT Bosh Assambleyasining Falastin tinch aholisini himoya qilish bo‘yicha 10-favqulodda maxsus sessiyasini qayta boshlash tashabbusi bilan chiqdi.