TOShKENT, 20 okt — Sputnik. Rossiyaning eng yirik izolyatsion materiallar ishlab chiqaruvchi kompaniyasi "Texnonikol" O‘zbekistonda zavod quradi. Bu haqida Rossiyaning O‘zbekistondagi hamkorlik markazi "Rossotrudnichestvo" Sputnik muxbiriga ma’lum qildi.
Rossiyaning "TexnoNIKOL" kompaniyasi Angren shahrida ekstrudirovka qilingan ko‘pikli polistiroldan (XPS) issiqlik izolyatsion materiallar ishlab chiqaruvchi zavod qurish bo‘yicha investitsiya loyihasi boshlanganini ma’lum qildi.
Loyihaga kiritilgan sarmoyaning umumiy hajmi 13 million dollardan ortiqni tashkil etadi. Yangi zavod qurilishi 2024-yilda boshlanishi va korxona 2025-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Korxona quvvati yiliga 300 ming kub metrga yaqin tayyor mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etadi.
Loyiha nafaqat zavod, balki mahsulot saqlanadigan omborxona qurish, shuningdek, 1,5 gektarga yaqin asfalt maydonchasini qurishni ham nazarda tutadi.
Toshkentda quriladigan ishlab chiqarish korxonasi poydevor, ko‘milgan konstruksiyalar, pollar, fasadlar, tomlar va boshqa qurilish konstruksiyalarini izolyatsiyalash uchun mo‘ljallangan qalinligi 20 mm. dan 120 mm.gacha bo‘lgan XPS plitalarining to‘liq assortimentini ishlab chiqaradi.
Aytish joizki, "Texnonikol" korporatsiyasi Rossiya va butun MDH bozorida eng yirik izolyatsion materiallar ishlab chiqaruvchi korxona hisoblanadi. Korxona xilma xil va zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqaradi.
Ular orasida rulonli top yopish materiallari, drenaj membranalari, polimer membranalar, xilma xil issiqlik izolyatsiya materiallari, kompozit va bitumli cherepitsa, qoraqog‘oz va ko‘plab turdagi germetiklar, yo‘l qurilishi uchun materiallar bor.
Bugungi kunda "Texnonikol" tarkibiga Rossiya va xorijiy davlatlarga joylashgan 68 ta ishlab chiqarish maydonchasi va 20 ta o‘quv markazlari, 10 ta ilmiy-tadqiqot markazi ishlamoqda. Xodimlar soni 6000 dan ortiq.