TOShKENT, 20 okt — Sputnik. Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida qiymati 20 mln dollarlik biotexnologik majmua barpo etiladi, deya xabar berdi viloyat hokimligi.
Viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev Rossiyaning "IMPACT-BIO" kompaniyasi asoschisi Andrey Kirik va kompaniya direktori Ivan Savinsevni qabul qildi.
Yuzma-yuz muloqotda 4-5 oktabr kunlari Tatariston Respublikasi Qozon shahrida o‘tkazilgan “O‘zbekiston–Rossiya o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikning III forumi” doirasida erishilgan dastlabki kelishuvlar muhokama qilindi.
Kompaniya vakillari Yangiyer erkin sanoat zonasi hududida qiymati 20 million dollarlik oqsilli ozuqa, oziq-ovqat qo‘shimchalari va biopolimer mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish ustida ish olib borilayotgani xususida to‘xtalib o‘tdi.
Agar zaruriy sharoitlar yaratilsa, mazkur loyihani amalga oshirishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildi.
"Viloyat hokimi rossiyalik hamkorlar tomonidan bildirilgan taklifni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Bu borada birgalikda olib boriladigan sa’y-harakatlar rejasini ishlab chiqishga kelishib olindi va o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi", — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi doirasida O‘zbekiston va Rossiya hukumat muassasalari, uyushma va kompaniyalari orasida jami 24 ta hujjat imzolandi.