TOShKENT, 20 okt — Sputnik. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati Nishon tuman sudi 4-oktabr kuni 13-yil davomida ichimlik suvidan noqonuniy foydalangan shaxsga nisbatan hukm chiqardi. Bu haqda "O‘zsuvta’minot" matbuot xizmati xabar berdi
Balxiyak qishlog‘ida yashovchi fuqaro O‘.A. 2010-yilda fermer xo‘jaligi tashkil qilgan. Keyin Tolimarjon-Muborak magistral quvuriga noqonuniy ulanib, ekinlarini ichimlik suvi bilan sug‘orib kelgan.
"Qashqadaryo suv ta’minoti" korxonasi xodimlari o‘tkazgan reyd davomida uning noqonuniy faoliyati fosh etilgan. Yetkazilgan zarar 282,7 mln so‘mni tashkil etgan.
Sud O‘.A.ni aybdor deb topib, unga 3-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Undan 282,7 mln so‘m miqdoridagi zarar ham undiriladi.