Benzin bo‘yicha ajiotajga sabab bo‘ladigan omillar yo‘q — Raqobat qo‘mitasi

Benzin narxlarining asossiz oshirilishini oldini olish bo‘yicha ishchi guruhlar tuziladi.
Sputnik
TOShKENT, 20 okt — Sputnik. Bugungi kunda benzin bilan ta’minlash masalalarida ajiotajga sabab bo‘ladigan omillar mavjud emas. Bu haqida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ayrim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekistonda AI-80 benzin sotib olishda cheklovlar joriy qilindi, bu AYoQShlarda benzin taqchilligiga sabab bo‘lishi mumkin” sarlavhasi ostida axborot tarqatilmoqda.

"Birja savdolarida, benzinning 80 foizi 1 tn lotlarda qolgan qismida vagon normasida (60 va 55 tn) sotilmoqda va bugungi kunda birja savdolarida AI-80 benzinini sotib olish bo‘yicha cheklov o‘rnatilmagan. Aksincha, agar avgust oyida jami kunlik 2,8 ming tn mahsulot qo‘yilgan bo‘lsa, oktabr oyida esa o‘rtacha 3,2 ming tndan savdoga chiqarilmoqda ya’ni taklif 14 foizga oshirilgan, bu esa ko‘proq xaridorlarga mahsulotni olishga imkoniyat yaratadi", —deyiladi xabarda.

Avgust oyida benzin narxlarining oshishi natijasida mahsulot xarid qilinishining maksimal miqdori 5 tn etib belgilangan edi. Ushbu choralar hamda taklifni oshirilishi joriy yilning sentabr oyi oxirida hamda oktabr oyining birinchi yarmida birja savdolarida benzin narxlarining 10 foizgacha pasayishiga va bir muncha barqarorlashishiga olib keldi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, shuningdek jahon bozorlaridagi yuzaga kelgan salbiy tendensiyalardan (neft narxlarining oshishi, benzin eksportiga o‘rnatilgan cheklovlar) kelib chiqib import narxlarining ichki bozorga ta’sirini yumshatish maqsadida 17-oktabrdan mahsulot xarid qilinishining maksimal miqdori 10 tngacha oshirildi.

"Bugungi kunda, respublikadagi2 mingdan ortiq AYoQShlarning 99 foizidaAI-80 benzini6800 so‘mgachabo‘lgan barqaror narxlarda sotilmoqda", — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.

Qo‘mitada Energetika vazirligi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Soliq qo‘mitasi, “O‘zbekneftgaz” AJ, "SANOAT ENERGETIKA GURUHI" MCHJ XK, “O‘zRTXB” AJ hamda O‘zenergoinspeksiya vakillari bo‘yicha savdoga chiqarilayotgan benzin hajmlarini oshirish hamda narxlarni barqarorligini ta’minlash masalalari muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Bunda ishlab chiqaruvchilar tomonidan mahsulotning qo‘shimcha hajmlarini birja savdolariga chiqarish bo‘yicha aniq choralar hamda chakana narxlarning asossiz oshishini oldini olish bo‘yicha Qo‘mitada Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Soliq qo‘mitasi va “O‘zenergoinspeksiya” bilan birgalikda respublika va hududiy ishchi guruhlar tuzilishi belgilandi.
Benzin bilan ta’minlashda Qo‘mita tegishli mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda benzini bozorida tanqislik va ajiotajni oldini olish bo‘yicha o‘z vakolatlaridan kelib chiqib tezkor zarur choralarni ko‘rib boradi.
Benzin narxi oshadimi — "O‘zbekneftgaz" javobi