TOShKENT, 19 okt — Sputnik. O‘zbekistondagi startap kompaniyalar Eron bozoriga kirishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
O‘zbekiston va Eron fan hamda texnologiyalar sohasida hamkorlik guruhi birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov va Eron Islom Respublikasining fan va texnologiyalar bo‘yicha vitse-prezidenti Ruhulloh Dehqoni Feruzobodiy tomonidan ilm-fan va innovatsiyalar sohasini rivojlantirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi.
“Endilikda o‘zbek startap kompaniyalari Eron bozoriga kirishi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, startap qo‘shma loyihalarini qo‘llab-quvvatlash davom ettirilib, O‘zbekiston-Eron qo‘shma startaplar loyihalari tanlovining 2-bosqichi o‘tkaziladi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasida ekologik vaziyatni yaxshilash, mintaqada ekologik innovatsiyalarni yanada ko‘paytirish borasida ham hamkorlikka erishildi.
O‘zbekistonlik olimlar, ekologlar va tadqiqotchilar Erondagi Urmiya ko‘lining qurishi oqibatlarini bartaraf qilish bo‘yicha Eron tajribasini o‘rganishadi. Bu maqsadda eronlik mutaxassislar ham O‘zbekistonga keladi.
Bundan tashqari, tomonlar ikki mamlakat yosh olimlari almashinuvini yo‘lga qo‘yish, jumladan, o‘zbekistonlik yosh olimlar uchun Eroning yetakchi ilmiy muassasalari va yuqori texnologik ishlab chiqarish korxonalarida stajirovka dasturlarini davom ettirishlari uchun sharoit yaratiladi.
O‘zbekistondagi startap kompaniyalar Eron bozoriga kirishi rejalashtirilmoqda
© Ministerstvo visshego obrazovaniya, nauki i innovatsiy respubliki Uzbekistan
“Hamkorlikning bu qismini tashkil etish va rivojlantirish maqsadida 2024-yilda O‘zbekiston va Eron rektorlari forumini tashkil qilishga kelishildi. Ilk forumga Eron tomoni mezbonlik qilishga tayyorligini bildirdi”, — deyilgan xabarda.
Oliygohlar o‘rtasida innovatsion faoliyat bo‘yicha hamkorlik Samarqand davlat universiteti qoshida O‘zbek-Eron texnologik parkini tashkil etishdan boshlanishi qayd etildi. Ushbu loyihani ikki tomon birgalikda moliyalashtiradi.