O‘zbekiston va Tatariston ishbilarmonlar biznes-forumi o‘tkazilmoqda — tafsilotlar

Rossiya korxonalari O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati, jumladan, "Chirchiq" va "Jizzax" texnoparklarida ishlash imkoniyatlari bilan tanishadi.
Sputnik
TOShKENT, 18 okt — Sputnik. Kecha, 17-oktabr kuni O‘zbekiston va Rossiya ishbilarmonlari uchun biznes-forum boshlandi. Birinchi kun “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkida bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda texnopark matbuot xizmati.

Tadbirda Tatariston bosh vazirining o‘rinbosari-sanoat va savdo vaziri Oleg Korobchenko boshchilidagi delegatsiya ishtirok etdi. Delegatsiya a’zolari qatorida Rossiyadan 30 nafar tadbirkor ham qatnashdi.

Biznes-forum davomida Chirchiq shahri haqida taqdimot o‘tkazildi, shuningdek, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish tajribasi xaqida, Toshkent kimyo va texnologiya ilmiy-tadqiqot institutining yangi ishlanmalari to‘g‘risida so‘z yuritildi.
17-19 oktabr kunlari bo‘lib o‘tadigan biznes-forum doirasida "Chirchiq" va "Jizzax" kimyo-industrial texnoparklari faoliyati, xorijiy investorlar uchun taqdimotlar, road-show, sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha muzokaralar olib boriladi. Shuningdek, “Jizzax” texnoparki taqdimoti bo‘lib o‘tadi.
Rossiya korxonalari O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati, jumladan, "Chirchiq" va "Jizzax" texnoparklarida ishlash imkoniyatlari bilan tanishadi. Biznes missiyasi dasturi texnoparklarga tashrif buyurish, biznes-forum va B2B uchrashuvlarini o‘tkazishni o‘z ichiga oladi.