TOShKENT, 18 okt — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 18-oktabr kuni, Pekin shahrida "China CAMC Engineering" kompaniyasi raisi Van Boni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
"CAMCE" Xitoyning injiniring xizmatlarini ko‘rsatuvchi hamda sanoat va infratuzilma sohalarida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshiruvchi yetakchi korporatsiyasidir.
Kompaniya O‘zbekistonda katta ish tajribasiga ega. Bugungi kunda "CAMCE" 2025-yilda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik doirasida olimpiya shaharchasi qurilishida ishtirok etmoqda.
Uchrashuvda qo‘shma loyihalarni ko‘paytirishning amaliy jihatlari, jumladan, O‘zbekiston hududlarida gidrotexnik inshootlar va Yangi Toshkentda zamonaviy infratuzilmani barpo etish, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy qilish masalalari muhokama qilindi.
Davlat rahbari qo‘shma loyihalar va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha alohida “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga topshiriq berdi.