Samarqandda Xalqaro turizm akademiyasi tashkil etildi

Prezident Samarqanddagi “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazida tashkil etilgan O‘zbekistonning turizm salohiyati ko‘rgazmasi bilan tanishdi.
Sputnik
TOShKENT, 16 okt — Sputnik. Samarqandda Xalqaro turizm akademiyasi ochildi. Bu haqida bugun Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Butunjahon turizm tashkiloti (YuNVTO) Bosh Assambleyasi 25-sessiyasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev e’lon qildi va shu kuni tegishli bitim imzolandi.

"Samarqandda o‘tayotgan Butunjahon turizm tashkiloti (YuNVTO) Bosh Assambleyasi 25-sessiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida Samarqandga “Butunjahon madaniy turizm poytaxti” maqomini berish to‘g‘risida deklaratsiya hamda Xalqaro turizm akademiyasini tashkil etish to‘g‘risida bitim qabul qilindi", - deyiladi xabarda.

Xalqaro turizm akademiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza va iqlim o‘zgarishi vaziri A.Abduhakimov va YuNVTO bosh kotibi Z.Pololikashvili tomonidan imzolandi.
Shu kuni Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazida tashkil etilgan O‘zbekistonning turizm salohiyati ko‘rgazmasi bilan tanishdi.
Ko‘rgazmada O‘zbekistonning 14 hududining turizm va investitsiyaviy salohiyati namoyish etilgan. Shuningdek, Turizm qo‘mitasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “O‘zbekiston aeroportlari” va “O‘zbekistan vertolotlari” kabi stendlar tashkil qilingan.
Undan tashqari, ushbu ko‘rgazmada umumiy qiymati 2 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar investorlarga taqdim etish rejalashtirilgan.