TOShKENT, 13 okt — Sputnik. Bugun Toshkentdan Farg‘onaga uchgan samolyot kuchli shamol tufayli Namanganga qo‘ndi, deya xabar berdi "Uzbekistan airports".
Farg‘ona xalqaro aeroportida noqulay ob-havo sharoiti (kuchli shamol) tufayli “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining HY81 (Toshkent – Farg‘ona) reysi ekipaji Namangandagi muqobil aerodromga yo‘l olishga qaror qildi.
Samolyot soat 09:12da Namangan aeroportiga qo‘ndi.
Eslatib o‘tamiz, bugun Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida kechasi va kunning birinchi yarmida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. G‘arbiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, sharqdan 7-12 m/s tezlikda esadi. Ba’zi joylarda 15-20 m/s gacha kuchayadi, ba’zida 22-25 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat kechasi va kunduzi +10-15 daraja bo‘ladi.