TOShKENT, 11 okt — Sputnik. Qozog‘iston Rossiya gazini O‘zbekistonga yetkazib berish uchun texnik imkoniyatlarga ega. Bu haqda Qozog‘iston Energetika vaziri Almasadam Satkaliyev ma’lum qildi, deb yozmoqda Sputnik Qozog‘iston.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston yil oxirigacha O‘zbekistonga 800 million kub metrga yaqin Rossiya gazini yetkazib berishni rejalashtirmoqda.
Vazir o‘z so‘zida Qozog‘istonda Rossiya gazini mamlakatga qabul qilish imkoniyati borligini tasdiqladi.
Qayd etilishicha, Qozog‘iston Rossiya gazini O‘zbekistonga tranzit qilish vaqtida mamlakatga yetkazib berish uchun texnik imkoniyatlarga ega.
“Prognoz balansiga qarab, Qozog‘iston gazdan foydalanish imkoniyati to‘g‘risida qaror qabul qiladi”, — dedi vazir.
Eslatib o‘tamiz, 7-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev, Vladimir Putin va Qosim-Jomart Tokayev ishtirokida "Gazprom" tomonidan O‘zbekistonga Rossiya gazini yetkazib berishga start berildi. Yaqin ikki yilda Rossiya Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga 2,8 milliard kub metr gaz yetkazib beradi.