TOShKENT, 11 okt — Sputnik. Madaniy tadbirlarni ko‘paytirish turistlarni jalb qilishda katta imkoniyat. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev turizm va madaniyat maskanlari imkoniyatini to‘liq ishga solish va “Yashil makon” kuzgi mavsumini tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilayotgan yig‘ilishda ta’kidladi.
Bunday tadbirlar Buxoro, Navoiy, Namangan, Farg‘ona, Xorazm, Toshkent viloyatlarida ko‘p o‘tkazilayotgani, lekin Sirdaryo, Jizzax, Surxondaryo viloyatlarida bu boradagi ishlar qoniqarsiz ekani aytildi.
Viloyatlar hokimlari Madaniyat vazirligi bilan birgalikda har oy yirik madaniy tadbir o‘tkazishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Tuman va shaharlarda ko‘p sayilgoh, xiyobon, istirohat bog‘lari, teatr va madaniyat uylari bo‘sh turgani, na turistlarni, na aholini o‘ziga jalb qila olayotgani qayd etildi.
Hududlar rahbarlariga bu joylarda musiqiy, ko‘ngilochar va ma’rifiy tadbirlarni muntazam tashkil etib borishga topshiriq berildi.