TOShKENT, 10 okt — Sputnik. Yo‘l harakati qoidalariga (YHQ) individual harakatlanish vositalari va skuter tushunchalariga ta’rif berish va ularning qaysi toifadagi transport vositasi turiga kirishiga aniqlik kiritish taklif qilinmoqda. Tegishli qonun loyihasini IIV jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan.
Individual harakatlanish vositalari (IHV) - odamning individual harakatlanishi uchun mo‘ljallangan bir yoki bir nechta g‘ildiraklari (roliklari) bo‘lgan transport vositasi. Bular: elektrosamokat, elektr skeytbordlar, segveylar, unitsikllar, monog‘ildirak va boshqa shunga o‘xshash vositalar.
IHVni boshqaradigan shaxslar trotuarlardan, piyodalar yo‘lkalaridan, piyoda va velosiped yo‘lkalaridan soatiga 6 kilometr tezlikdan yuqori bo‘lmagan holatda, ular bo‘lmaganda esa yo‘lning o‘ng chetki qismida soatiga 20 kilometr tezlikdan yuqori bo‘lmagan holatda harakatlanishi kerak.
14 yoshdan kichik shaxslarning IHVda haraqatlanishi (yopiq hududlarda boshqarish bundan mustasno) taqiqlanadi.
Skuter – konstruktiv tezligi soatiga 25 kilometrdan, dvigatelining ish hajmi 25 sm3dan (ichki yonuv dvigateli bo‘lganda) yuqori, shuningdek nominal (belgilangan) quvvati 0,25 kilovattdan ortiq va 4 kilovattdan kam bo‘lgan elektr dvigatelli mexanik transport vositasi.
Xuddi shunday tavsiflarga ega bo‘lgan tritsikllar va kvadritsikllar, shuningdek, yo‘lning qatnov qismida harakatlanishiga moslashtirilgan boshqa mexanik moslamalar ham skuterlarga tenglashtiriladi.
Agar qo‘shimchalar kiritilishi ma’qullansa, skuterlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish shart bo‘ladi. Skuterni boshqarish uchun A toifadagi haydovchilik guvohnomasi talab etiladi.