TOShKENT, 8 okt — Sputnik. Xanchjou olimpiya sport markazi stadionida XIX yozgi Osiyo o‘yinlarining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh vazirining matbuot kotibi ma’lum qildi.
Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Sanning taklifiga binoan ayni paytda ishchi tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘lib turgan O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov mazkur tadbirda ishtirok etdi.
Joriy yilning 23-sentabr – 8-oktabr kunlari o‘tkazilgan “Xanchjou-2022”da O‘zbekiston sportchilari munosib ishtirok etdi va 22 ta oltin, 18 ta kumush, 31 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Umumjamoa hisobida faxrli beshinchi o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi xabariga ko‘ra, marosimda Osiyo Olimpiya kengashi bayrog‘i kelgusi Osiyo o‘yinlarining mezboni Yaponiyaning Aichi-Nagoya shahriga topshirildi.