TOShKENT, 6 okt — Sputnik. O‘zbekistonlik sportchilar Xitoyda o‘tayotgan Osiyo o‘yinlarida medallarga ega chiqishda davom etishmoqda.
Bugundan bellashuvlarga kirishgan badiiy gimnastika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari yakkalik dasturida saralash va jamoaviy yo‘nalish bo‘yicha final bahslarini o‘tkazishdi.
Taxmina Ikromova, Vilana Savadan hamda Evelina Atalyansdan iborat jamoa 324.8 ball jamg‘arishga erishdi.
“Quvonarlisi, ushbu natijani hech bir jamoa takrorlay olmadi va hamurtlarimiz jamoaviy dasturda oltin medalni qo‘lga kiritishdi”, - deyilgan Milliy olimpiya qo‘mitasi xabarida.
Shuningdek, bugungi chiqishlari orqali Taxmina Ikromova hamda Evelina Atalyans yakkalik yo‘nalishida ko‘pkurash dasturida medallar uchun kurashish imkonini saqlab qolishdi.
Og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Akbar Jo‘rayev va Ruslan Nurudinov Osiyo o‘yinlarining sovrindoriga aylanishdi.
-109 kg vazn toifasida ishtirok etgan Akbar Jo‘rayev 417 (189+228) kg bilan kumush, Ruslan Nurudinov esa 391 (175+216) kg bilan bronza medalini qo‘lga kiritdi.