TOShKENT, 6 okt — Sputnik. O‘zbekistonda chang bo‘ronlariga sabab bo‘luvchi omillar o‘rganildi, deya xabar berdi Gidrometeorologiya xizmati.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda chang bo‘ronlariga sabab bo‘luvchi 2 ta omil aniqlandi. Bular tashqi va ichki omillardir.
Tashqi omil:
Qozog‘iston, Turkmaniston va Afg‘oniston hududlarida global iqlim o‘zgarishi ta’sirida yomg‘ir miqdori keskin kamaygani;
Suv havzalari qurishi fonida sug‘oriladigan yerlarning degradatsiyaga uchrashi sababli cho‘llanish avj olib, kuchli bo‘ronlar sodir bo‘lmoqda va qum-chang ko‘tarilib, O‘zbekiston hududiga kirib kelmoqda;
O‘zbekistoning G‘arbiy (Buxoro) va Janubiy (Qashqadaryo va Surxondaryo) viloyatlariga esa, Turkmaniston va Shimoliy Afg‘onistonning (Afg‘on shamoli) cho‘l hududlarida ko‘tarilgan qum va changlar bo‘ronlar orqali kirib kelmoqda.
Ichki omillar:
Mamlakatda cho‘llanish va yaylovlar degradatsiyasining avj olishi;
Qurilish maydonlari sonining ortishi natijasida shamol fonida unda chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishi;
Atmosferaga sanoat korxonalari va avtomashinalar tomonidan zararli tutunlarning chiqarilishi.
Hozirgi kunda Atrof-muhit sifati monitoringi boshqarmasi 26 ta shaharning 74 ta statsionar kuzatuv punktlarida havo ifloslanishini kuzatadi. Ulardan 66 ta statsionar postda kuniga 3-marta havodan namuna olish amalga oshiriladi.
Respublikaning Jizzax, Guliston, Samarqand, Termiz, Nukus, Urganch va Toshkent shaharlarida o‘rnatilgan 8 ta zamonaviy avtomatik monitoring stansiyalarida "Horiba" onlayn kuzatuvlar amalga oshirilmoqda.
Qo‘shimcha qilinishicha, Gidrometeorologiya xizmati agentligi BMT Taraqqiyot dasturiga muvofiq “Iqlim o‘zgarishiga moslashish rejasi”ni ishlab chiqmoqda.