Xanchjou-2022: Hasanboyda oltin, yana uch kurashchida bronza

Hasanboy Do‘smatov murosasiz kechgan final jangida tailandlik Thitisan Panmotni mag‘lubiyatga uchratdi.
Sputnik
TOShKENT, 5 okt — Sputnik. Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Hasanboy Do‘smatov (-51 kg) o‘z sovrinlari orasiga Osiyo o‘yinlarining oltin medalini qo‘shib qo‘ydi. Sportchi murosasiz kechgan final jangida tailandlik Thitisan Panmotni mag‘lubiyatga uchratdi.
Yunon-rum kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Rustam Assakalov faoliyatida uchinchi bor Osiyo o‘yinlarida sovrindor bo‘ldi. -97 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan sportchi bronza medali uchun kechgan bahsda qozog‘istonlik Islam Umayev ustidan g‘alaba qozonib, musobaqani uchinchi o‘rinda yakunladi. Bungacha Assakalov hisobida Osiyo o‘yinlarining oltin va kumush medallari bor edi.
Ayollar kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Aktenge Keunimjayeva esa ushbu sport turida Osiyo o‘yinlarida sovrindor bo‘lgan birinchi o‘zbekistonlik sportchi bo‘ldi. -50 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan sportchi bronza medali uchun kechgan bahsda hindistonlik Pujadan ustun kelib, sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Ayollar kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Laylo Sobirova ham o‘z nomini Osiyo o‘yinlari sovrindorlari qatoriga qo‘shib qo‘ydi. -57 kg vazn toifasida ishtirok etgan sportchi bronza medali uchun kechgan bahsda hindistonlik Mansi ustidan g‘alaba qozondi.