TOShKENT, 3 okt — Sputnik. Bezgakka qarshi yangi vaksinani tasdiqladi. Bu haqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ga tayanib xabar berdi.
JSSTning ma’lum qilishicha, dunyoda yiliga o‘rtacha 247 million kishiga bezgak tashxisi qo‘yilyapti. Qurbonlar soni 600 ming nafardan oshmoqda.
Ushbu ko‘rsatkichlarning o‘rtacha 95 foizi Afrika qit’asida ro‘yxatga olinyapti. Eng yomoni, mintaqada ushbu infeksiya oqibatida hayotdan ko‘z yumayotganlarning 80 foizi — besh yoshgacha bo‘lgan bolalar.
Aytilishicha, bunday murakkab epidemiologik vaziyat bezgakka qarshi yangi vaksina yaratish jarayonini yanada jadallashtirib yubordi va nihoyat ijobiy natijaga erishildi ham.
Kecha JSST bir necha bosqichli sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan yangi vaksinani tasdiqladi. U bundan ikki yil avval foydalanishga tavsiya etilgan ilk muqobilidan, eng avvalo, arzonligi bilan farqlanadi.
"Yangi emlash vositasi R21 deb nomlandi. Uning mualliflari — Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti olimlari", — deyiladi xabarda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, har ikki vaksinaning samaradorligi o‘xshash. Shunga qaramay, R21 ning bir dozasi 2-4 dollarga teng va bir kishi uchun to‘rt doza talab etiladi. Bu, avvalgi RTS,S vaksinasi narxidan ikki baravar arzon.
Eslatib o‘tamiz, bezgakka qarshi emlash vositasini yaratish uchun dunyo olimlariga 100-yildan ko‘proq vaqt zarur bo‘ldi.