Akademik Nazar To‘rayev vafot etdi

Shavkat Mirziyoyev ushbu munosabat bilan olimning yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
Sputnik
TOShKENT, 3 okt — Sputnik. Fizika-matematika fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Nazar Yuldashevich To‘rayev 2023-yil 3-oktabr kuni 85 yoshida vafot etdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu munosabat bilan olimning yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
Nazar To‘rayev 1938-yil 19-mayda Surxondaryo viloyatining Denov shahrida tug‘ildi.
1961 yili Samarqand davlat universitetini tamomlab, mehnat faoliyatini Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi institutida kichik ilmiy xodim lavozimida boshladi.
U 1968-yilda nomzodlik, 1981-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2000-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining a’zosi etib saylandi.
Nazar To‘rayev mamlakatimiz va xalqaro ilmiy jamoatchilik o‘rtasida fizikaviy elektronika yo‘nalishida maktab yaratgan olim sifatida katta hurmat va e’tiborga sazovor bo‘ldi.
Nazar To‘rayev 1990-1995 yillarda Oliy Majlis deputati bo‘lgan.
Akademik Nazar To‘rayev “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.