TOShKENT, 2 okt — Sputnik. Bugun Xitoyda bo‘lib o‘tayotgan Osiyo o‘yinlarida birinchi bo‘lib 1000 metrga baydarkada eshkak eshish bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi final bahsi bo‘lib o‘tdi. Unda startga chiqqan o‘zbekistonlik sportchi Shahriyor Mahkamov ikkinchi bo‘lib marra chizig‘ini kesib o‘tdi va kumush medalni qo‘lga kiritdi, deya xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi.
Shuningdek, 1000 metrga kanoeda eshkak eshish bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi dasturda Vladlen Denisov O‘zbekiston delegatsiyasiga yana bir kumush medalni taqdim qildi.
© NOK
Baydarkada eshkak eshish bo‘yicha ayollar o‘rtasida 500 metrga kechgan bahsda startga chiqqan Yekaterina Shubina hamda Arina Tanatmisheva juftligi marraga uchinchi bo‘lib yetib keldi va bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
© NOK
Shuningdek, 500 metrga kanoeda eshkak eshish bo‘yicha juftlik bahslarida Artur Guliyev hamda Kamron Axtamov to‘rtinchi, Nilufar Zokirova hamda Gulbahor Fayziyeva esa beshinchi bo‘lib marraga keldi. Xuddi shu masofada startga chiqqan baydarkachi o‘zbekistonlik yigitlar Denis Onufriyev hamda Ozodjon Amriddinov esa yettinchi pog‘onadan joy olishdi.