Rossiyada bolalarni tamaki chekishga jalb etganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etiladi

Hozir bu qilmish uchun ma’muriy javobgarlik ko‘zda tutilgan.
Sputnik
TOShKENT, 2 okt — Sputnik. Rossiyada bolalarni muntazam ravishda tamaki va tarkibida nikotin bor mahsulotlarni chekishga jalb etganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi mumkin. Rossiya Davlat dumasiga tegishli qonun loyihasi kiritildi, deya yozadi RIA Novosti.
Ta’kidlanishicha, hozir o‘smirlarni tamaki yoki tarkibida nikotin bor mahsulotlar – veyp, chilim, elektron tamaki va hokazolarni chekishga jalb qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik ko‘zda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, Rossiya Jinoyat kodeksini voyaga yetmaganlarni chekishga jalb etganlik uchun, agar fuqaro bir yil ichida xuddi shunday qilmishlar uchun ma’muriy jazo olgan bo‘lsa, jinoyat javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi modda bilan to‘ldirish taklif qilinmoqda.
Bu qilmish uchun 100 ming rublgacha yoki mahkumning bir yilgacha maoshi va boshqa daromadi miqdorigacha jarima, yoki 240 soatgacha majburiy ishlar, yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari, yoki xuddi shu muddatga ozodlikdan cheklash nazarda tutiladi.
Bundan tashqari, bolalarni ularni tarbiyalash majburiyati yuklangan ota-onalar, pedagog xodimlari yoki boshqa biror kishi tomonidan chekishga jalb etilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
Tamaki va alkogol sotish qoidalari o‘zgardi: yangi qonun 26-avgustdan kuchga kiradi