TOShKENT, 2 okt — Sputnik. O‘zbekiston va Qatar Savdo-sanoat palatalari (SSP) o‘rtasida anglashuv memorandumi va o‘zbek-qatar Ishbilarmonlar kengashini tuzish bitimi imzolandi.
Bitim Qatar SSP birinchi vitse-prezidenti Muhammad al-Kuvari va O‘zbekiston SSP raisi Davron Vahabov o‘rtasidagi uchrashuv yakunlari bo‘yicha imzolandi.
Ta’kidlanishicha, anglashuv memorandumi ikki davlatning ishbilarmon doiralari o‘rtasida mustahkam aloqalarni o‘rnatishga xizmat qiladi.
Ishbilarmonlar kengashining tuzilishi esa ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga, ular uchun o‘zaro munosabatlarning yangi platformalarini yaratishga yordam berishi kutilmoqda.
Shuningdek, o‘zbek mahsulotlarini Qatarga eksport qilish hajmini oshirish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda yordam beradi.
Uchrashuv davomida Vahabov O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada qo‘llab-quvvatlash uchun ishchi guruhlar tashkil etilishini ta’kidladi. O‘z navbatida Qatar SPP bu fikrni qo‘llab-quvvatladi.