TOShKENT, 29 sen — Sputnik. Sergelidagi portlash oqibatida tovar to‘liq yaroqsiz holatga kelgan bo‘lsa, ushbu tovarga nisbatan iqtisodiy siyosat choralari qo‘llanilmaydi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati bosh inspektori Husan Tangriyev ma’lum qildi.
Sergeli tumanidagi favqulodda holat sodir bo‘lgan omborda bojxona organlari tomonidan qator chora-tadbirlar davom ettirilmoqda. Xususan, Bojxona qo‘mitasi tomonidan maxsus ishchi guruh tashkil qilingan bo‘lib, yong‘indan zarar ko‘rgan bojxona nazorati ostidagi tovarlar to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazilmoqda.
Mazkur tovarlarning kelgusidagi bojxona nazorati qay tartibda amalga oshirilishi yuzasidan tadbirkorlarga to‘liq tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
“Yong‘indan talofat ko‘rgan tovarlar yuzasidan FVV bilan hamkorlikda dalolatnomalar tuziladi, ushbu dalolatnomalar asosida tovarlar bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkaziladi. Bunda, agar tovar to‘liq yaroqsiz holatga kelgan bo‘lsa, ushbu tovarga nisbatan iqtisodiy siyosat choralari qo‘llanilmaydi”, - dedi Tangriyev.
Bojxona kodeksining 14-moddasiga binoan tabiat hodisalari (zilzilalar, yer ko‘chishlari, dovullar, qurg‘oqchiliklar va hokazo) yoki yuridik va jismoniy shaxslarning xohish-irodasi hamda xatti-harakatlariga bog‘liq bo‘lmagan boshqa holatlar sababli kelib chiqqan, shuning oqibatida mazkur shaxslar qabul qilgan majburiyatlarini bajara olmaydigan favqulodda va oldini olib bo‘lmaydigan, kutilmagan holatlar yengib bo‘lmas kuch ta’siri hisoblanadi.
Shuningdek, tovarlar vaqtincha saqlash va bojxona ombori bojxona rejimlarida saqlanayotgan davrda avariya yoki yengib bo‘lmas kuch ta’siri oqibatida yaroqsiz holga kelgan, buzilgan yoki shikastlangan tovarlar vakolatli shaxs tomonidan tanlangan bojxona rejimiga u shu holatda bojxona hududiga olib kirilgan tovar kabi joylashtiriladi.
Xabarda ushbu holat bo‘yicha tadbirkorlarda savollar tug‘ilsa, 11 08 qisqa raqamli ishonch telefoni, shuningdek, Bojxona qo‘mitasining + 998 55 502 76 00 (ichki: 74-11, 74-10, 74-05) telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishlari so‘ralgan.