TOShKENT, 29 sen — Sputnik. Toshkent viloyati Toshkent tumanida fuqaro ikkinchi marta belgilanmagan joyga qurilish chiqindilarini to‘kib ketgani uchun uning yuk mashinasi musodara qilinadi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro A.T. Qorasaroy mahallasidan oqib o‘tuvchi suv bo‘yiga "ZiL" yuk mashinasida qurilish chiqindilarini to‘kib ketgan. Uning bu harakatlari hududdagi xonadonlardan biriga o‘rnatilgan kuzatuv kamerasiga tushib qolgan.
Shu sababli fuqaro 7-sentabr kuni BHMning 5 baravari miqorida, ya’ni 1 mln 650 ming so‘m jarimaga tortilgan. Oradan 8 kun o‘tib fuqaro bu huquqbuzarlikni takroran sodir etgan.
Qonunchilikka ko‘ra, huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, huquqbuzarlik quroli musodara qilinishi belgilab qo‘yilgan.
Shunga asosan fuqaroning transport vositasi jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Hozir musodara qilish yuzasidan hujjatlar to‘planib, sudga da’vo arizasi kiritilmoqda.