TOShKENT, 28 sen — Sputnik. Tog‘li Qorabog‘ respublikasi 2024-yil 1-yanvardan mavjud bo‘lmaydi. Tan olinmagan respublika prezidenti Samvel Shaxramanyan tegishli farmonni imzoladi, deb xabar bermoqda RIA Novosti.
“2024 yil 1-yanvarga ularning idoraviy bo‘ysunishidagi barcha davlat muassasalari va tashkilotlari tarqatib yuborilsin va Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi (Arsax) o‘z mavjudligini to‘xtatadi”, - deyilgan farmonda.
Ta’kidlanishicha, bu Qorabog‘ xalqi jismoniy xavfsizligi va hayotiy manfaatlarini ta’minlash ustuvor vazifasidan kelib chiqib va Rossiya tinchlikparvar kuchlari vositachiligi Ozarbayjon bilan erishilgan kelishuvlarni inobatga olgan holda amalga oshirilmoqda.
Tog‘li Qorabog‘ aholisiga, jumladan, undan tashqarisida bo‘lganlarga Ozarbayjon taqdim etadigan reintegratsiya shartlari bilan tanishib chiqish taklif qilinmoqda. Mintaqada qolish yoki qolmaslik to‘g‘risidagi qarorni har bir kishi mustaqil qabul qiladi.
Farmon e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
19 sentabr kuni Ozarbayjon Qorabog‘da “konstitutsiyaviy tuzumni tiklash” maqsadida “mahalliy aksilterror choralari” o‘tkazilishini e’lon qildi. 20-sentabr kuni Rossiya tinchlikparvar kontingenti qo‘mondonligi vositachiligida Ozarbayjon tomoni va Tog‘li Qorabog‘ vakillari o‘rtasida jangovar harakatlarni to‘liq bas qilish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Uning shartlaridan biri Qorabog‘ armiyasini qurolsizlantirish va arman harbiylarining tan olinmagan respublikadan to‘liq chiqib ketilishi bo‘ldi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ni 65 mingdan ziyod kishi tark etishga ulgurgan.