TOShKENT, 28 sen — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniya kansleri Olaf Sholsning taklifiga binoan Germaniyaga jo‘nab ketdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Prezident 28-30 sentabr kunlari amaliy tashrif bilan Berlin shahrida bo‘ladi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Olaf Shols va prezident Frank-Valter Shtaynmayer bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilishi, shuningdek, Markaziy Osiyo va Germaniya davlat rahbarlarining uchrashuvlari rejalashtirilgan.
Mamlakat yetakchisi Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi tomonidan tashkil etiladigan ishbilarmonlik tadbirlarida ham ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Kun tartibidan O‘zbekiston prezidentining joriy yil may oyidagi Germaniyaga rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan investitsiyaviy, innovatsiyaviy va texnologik hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Germaniya kansleri Angela Merkelning taklifiga binoan birinchi rasmiy tashrif bilan 2019-yil, shu yilning may oyida Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning taklifiga binoan tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘lgan edi.