TOShKENT, 27 sen — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) Kengashi YeOII mamlakatlarida dori vositalari, alkogolsiz ichimliklar, jumladan, sharbatlar, shuningdek, telefonlar va noutbuklarni markalash qoidalarini unifikatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deyiladi komissiya xabarida. RIA Novosti xabariga asosan.
“YeIK Kengashi tomonlar takliflarini ko‘rib chiqdi va YeOII mamlakatlarida dori vositalari, alkogolsiz ichimliklar, sharbatlar, shuningdek, telefonlar va noutbuklarni markalashning yagona qoidalarini belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi”, — deyiladi xabarda.
Qabul qilingan hujjatlarga ko‘ra, YeOIIga a’zo davlatlar o‘z hududida identifikatsiya vositalari bilan mahsulotlarni joriy etish sanasi va markalash tartibini mustaqil ravishda belgilaydi va bu haqda olti oydan kechiktirmay YeIKni xabardor qiladi.
Qaror kuchga kirganidan so‘ng YeOII mamlakatlarining har birida Ittifoqning boshqa a’zolari tomonidan yagona qoidalar asosida markirovka qilingan mahsulotlarni identifikatsiya qilish vositalarini tan olish kafolatlanadi.
Ayrim davlatlarda mavjud o‘ziga xos sharoitlar hamda ularning xohish-istaklariga qarab, alohi mahsulot turlari hozircha YeIK standartiga ko‘ra markirovka qilinmaydi.
"Xususan, Armanistonda — dori vositalari, Qozog‘istonda — salqin ichimliklar va sharbatlar, Qirg‘izistonda — noutbuklar va telefonlar”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, Qirg‘izistonda, istisno ravishda, mahalliy tizimining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, dori vositalarini markirovkasi YeOIIdan farqli identifikatsiya tizimini qo‘llash imkoni berilgan.
O‘zbekiston bilan hamkorlik
2019 yilda O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi Rossiyaning Ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish markazi (SRPT) bilan respublikada ayrim tovarlarni raqamli markalashni joriy etish bo‘yicha memorandum imzolagan edi.
2021 yilda O‘zbekistonda Rossiya texnologiyasi asosida bosqichma-bosqich markalash joriy etildi: avvaliga sigaretalar va spirtli ichimliklar, keyin pivo, so‘ngra ayrim maishiy texnika, dori-darmon va boshqa tibbiy buyumlar.
2023 yilning 1-iyulidan boshlab ichimlik suvi va alkogolsiz ichimliklarni markalashni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirilgan edi, lekin ayrim sabablarga ko‘ra 2024-yilga qoldirildi.
Ayni damda O‘zbekiston va Rossiya farmatsevtika mahsulotlarining raqamli markirovka kodlarini o‘zaro tan olish arafasida turibdi. Mamlakatlar texnologik jihatdan bu jarayonga allaqachon tayyor, faqat ma’lum burokratik tartib-qoidalarni bajarish qolgan.