Qirg‘izistonda ota-onasini qariyalar uyiga berayotganlarni jazolash taklif qilinmoqda

Qirg‘izistonlik deputatlar ota-onasi qariyalar uyida yashayotgan shaxslarni davlat organlariga ishga olmaslikni taklif qilishmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 26 sen — Sputnik. Qirg‘izistonda ota-onasini qariyalar uyiga berayotgan va aliment to‘lamayotgan farzandlarni jazolash taklif qilinmoqda. Bu haqda Sputnik Qirg‘iziston xabar berdi.
Qayd etilishicha, tegishli qonun loyihasini parlamentning tegishli qo‘mitasi allaqachon ma’qullagan.
Hujjat loyihasida ota-ona qaramog‘idan bo‘yin tovlagan (aliment to‘lamagan) bolalar uchun 50-100 ming som miqdorida jarima solish yoki 1-2 yilga ozodlikdan mahrum qilish taklif qilinmoqda.

“Qariyalar uyiga yashovchi shaxs kirsa, uning direktori aliment undirish uchun sudga murojaat qilishi kerak bo‘ladi. Bu qoida zarur, chunki hozir ota-onalar aliment olish uchun ariza yozishdan bosh tortmoqda", deydi deputat Tazabek Ikromov.

Shuningdek, deputatlar ota-onasi qariyalar uyida yashayotgan shaxslarni davlat organlariga ishga olmaslikni ham taklif qilishmoqda.
Ma’lumot uchun, hozirda Qirg‘izistonda jami olti qariyalar uyi bor.