TOShKENT, 26 sen — Sputnik. Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi Parkent tumani bo‘limiga 21-sentabr kuni soat 09:30 larda "So‘qoq" qishlog‘ining "Tosar" hududidagi "So‘qoq Laziz Soli" fermer xo‘jaligi yer maydonlariga 20-sentabr kuni tunda Tan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i kelib qolganligi haqida murojaat kelib tushdi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, 2023-yilda qish fasli sovuqroq kelganligi sababli tog‘li hududlardagi ayrim mevali daraxt va butalarni sovuq urib, hosil juda kamayib ketgan. Natijada ayiq ozuqa izlab, aholi yashash punktiga tushib kelgan va fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan 14 bosh qo‘ydan 2 tasini olib ketgan. Bir bosh qo‘y yarador qilingan.
Murojaatga asosan Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi Parkent tumani bo‘limi xodimlari va "WILDLIFE" zopitomnigi xodimlaridan iborat ishchi guruh voqea joyiga borib, holatni o‘rgangan. O‘rganish natijasida "So‘qoq Laziz Soli" fermer xo‘jaligi yer maydonida qo‘ylarga mo‘ljallangan qo‘ra yog‘ochlari singanligi ma’lum bo‘lgan.
Ushbu hududda dala shiyponlarida yashovchi 4 ta oila 30 dan ortiq qora mol, qo‘y va echkilari bilan birga o‘zlarining yashash xonadonlariga ko‘chirib yuborildi.
Ta’kidlanishicha, 21-sentabrdan boshlab ayiq tushib kelgan hudud Parkent tumani Ekologiya bo‘limi, "WILDLIFE" MChJ xodimlari hamda Parkent tumani IIB nozirlari tomonidan doimiy nazorat qilinmoqda. Hozircha hech qanday ayiq yoki boshqa yovvoyi hayvonlar kuzatilmagan.