TOShKENT, 26 sen — Sputnik. Markaziy vokzallar atrofida zamonaviy savdo majmualari qurish mumkin bo‘ladi, vokzallardagi joylar ijara uchun auksionga chiqariladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi temir yo‘l sohasini isloh qilish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, markaziy vokzallar atrofida zamonaviy savdo majmualari qurish mumkin bo‘ladi, vokzallardagi joylar ijara uchun auksionga chiqariladi. Temir yo‘l stansiyalari atrofida bo‘sh joylar aniqlanib, logistika xizmatlari va ishlab chiqarish loyihalari joylashtiriladi.
"Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda “yagona darcha” tamoyili orqali yuk hujjatlarini elektron rasmiylashtirish, vagonlarga GPS o‘rnatish va onlayn ombor axborot tizimini ishga tushirish vazifasi qo‘yildi", — deyiladi xabarda..
“O‘zbekiston temir yo‘llari”ning nosohaviy aktivlarini qayta ko‘rib chiqish, ularni sotishdan tushgan mablag‘lar temir yo‘l infratuzilmasini yaxshilashga yo‘naltirish muhimligi ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun, so‘nggi yetti yilda mamlakatda sanoat korxonalari ko‘payib, 110 mingtaga yetdi. 2 mingdan ziyod yangi mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Eksport hajmi 1,6 barobar oshib, o‘tgan yili 19 milliard dollarga yetdi. Bularning natijasida mamlakatimizda yuk aylanmasi 30 foizga oshgan.
O‘zbekiston kabi dunyo okeanlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoni yo‘q mamlakatlar uchun eng qulay va arzon transport bu – temir yo‘l hisoblanadi. Lekin hozir ichki bozorda mahsulotning atigi 5 foizi, eksportda esa 45 foizi poyezdda tashilayapti.