“Mahalla beshligi” yettilikka aylantiriladi — Shavkat Mirziyoyev

Amaldagi “mahalla beshligiga” soliqchi va ijtimoiy xodim ham qo‘shilib, birgalikda ishlaydigan “mahalla yettiligi” bo‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 26 sen —Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallabay ishlash tizimiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda “Mahalla beshligi” samarali ishlayotgani qayd etildi va shu bilan birga “beshlikka” soliqchi va ijtimoiy xodimni ham qo‘shib “mahalla yettiligiga” aylantirish taklif etildi.

“Prezident endilikda mahalla boshqaruvi yangi yondashuvlar asosida tashkil qilinishini ta’kidladi. Amaldagi “beshlikka” soliqchi va ijtimoiy xodim ham qo‘shilib, birgalikda ishlaydigan “mahalla yettiligi” bo‘ladi", - deyiladi xabarda.

“Mahalla yettiligi”ning asosiy vazifalari:
mahalla raisi — ehtiyojmand oilalarga uy-joyini yaxshilashga ko‘maklashish;
hokim yordamchisi — ishsizlarga ish topishga ko‘maklashish;
yoshlar yetakchisi — yoshlarni sport, musiqa va to‘garaklarga jalb etish;
xotin-qizlar faoli — ayollarni tadbirkorlik, kasanachilik, hunarmandchilikka jalb qilish;
soliq xodimi — mahalladagi imkoniyatlarni ishga solib, soliq bazasini kengaytirish, tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirishga hamda o‘zini o‘zi band qilganlarga kichik biznes toifasiga o‘tishga ko‘maklashish;
ijtimoiy xodim — yolg‘iz keksa, nogiron va boshqa muhtojlarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish kabi aniq vazifalar bilan shug‘ullanishi lozim.
Shuningdek, aholini 3 ta daftarga (temir, ayollar, yoshlar) kiritish, moddiy yordam, subsidiya va kredit ajratish kabi 70 dan ortiq masalalar mahallaning o‘zida, kollegial hal qilinadi. Bandlik, Tadbirkorlik va Kasanachilik jamg‘armalaridan ushbu daftarlarga kiritilganlarga beriladigan yordam mablag‘larni taqsimlash har bir mahallaning o‘z ixtiyoriga beriladi.

“Bu – mahallaga ham vakolat, ham mas’uliyat degani”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Undan tashqari, “mahalla yettiligi” ishini birgalikda tashkil qilishda mahalla raislarining vakolatlari kengaytiriladi. Hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, soliqchi va ijtimoiy xodimning oylik ish haqi mahalla raisi tomonidan tasdiqlanadi.